Birjada bir haftada qancha shakar va benzin sotilgani ma’lum bo‘ldi

Birjada bir haftada qancha shakar va benzin sotilgani ma’lum bo‘ldi

O‘tgan hafta davomida, ya’ni 11 – 17 may kunlari «O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi»ning barcha savdo platformalarida 1,04 trln so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 1,8 foizga kam.

Bunda sotuvlarning 89 foizi – birja savdolari, 5 foizi – ko‘rgazma-yarmarka savdolari, 6 foizi – elektron davlat xaridlari va 0,4 foizi – avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 329,1 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida budjet va korporativ buyurtmachilarining 12,8 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 804 ta avtoraqamlar sotildi. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 25 foizga o‘sib, 4,1 mlrd so‘mni tashkil qildi. Savdolar natijasida bitimlarning 17,4 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 52,0 foizi ikkinchi va 30,6 foizi uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 929,4 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi.

O‘tgan haftada birja savdolariga 2 584,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 2 497,0 tonnasi, ya’ni 96,6 foizi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 55 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 8,7 mln so‘mdan 9,4 mln so‘mgacha, ya’ni 8,2 foizga ko‘paydi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan 2 foizga pasayib, mahsulotni bir tonnasi uchun 9,6 mln so‘mni tashkil etdi.

Taklif darajasi yuqori bo‘lganligi sababli birjaning shakar bozorida barqarorlik saqlanmoqda. O‘tgan haftada birja savdolariga 19 250,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 11 223,0 tonnasi, ya’ni 58,3 foizi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 18 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 5,3 mln so‘mdan 5,2 mln so‘mgacha, ya’ni 2,4 foizga kamaydi. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi shakarning bir tonnasi uchun 5,3 mln so‘mni tashkil qildi.

O‘tgan haftada birja savdolariga 47 232,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 14 356,2 tonnasi, ya’ni 30,4 foiz sotildi. Birja savdolarida “O‘zbekneftgaz” AJ neft bazalari, avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari va benzinni o‘z ehtiyojlari uchun xarid qiladigan boshqa yuridik shaxslar ishtirok etishdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 4,09 mln so‘mdan 4,08 mln so‘mgacha pasaydi.

AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi benzinning bir tonnasi uchun 4,02 mln so‘mni, AI-91 benzinni narxi 5,8 mln so‘mni tashkil etdi.

Muallif: admin

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan